×

AQSHning J-1 vizasi haqida bilasizmi?


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

9846 marta

CHOP ETILGAN

08.04.2022

Maqola 2022-yil aprel oyidagi maʼlumotlar asosida tayyorlgan.

1. J-1 viza

J-1 viza AQSH va boshqa davlatlar oʻrtasidagi madaniy almashinuvni ragʻbatlantiradigan dasturlarda ishtirok etuvchi shaxslarga AQSHga borishlari uchun AQSH tomonidan beriladigan immigratsion boʻlmagan viza turidir.

Bunday almashinuv dasturlari orqali borganlar, dastur turiga qarab, maʼlum muddat AQSHda oʻqishi, malaka oshirishi, amaliyot oʻtashi, ishlashi yoki tadqiqot olib borishi mumkin.

Bunday viza berilishining asosiy talablaridan biri – ishtirokchining AQSHdagi dasturda qatnashish xarajatlari hukumat, universitet yoki xususiy sektor tomonidan qoplanishi hisoblanadi. Yaʼni bu viza AQSHdagi dasturlarda qatnashishi toʻliq moliyalashtiriladigan xorijlik nomzodlarga beriladi.

2. J-1 vizasi bilan AQSHga borganlar vatanga qaytgach 2 yil davomida AQSHga bora olmaydimi?

Yoʻq, bu maʼlumot toʻliq toʻgʻri emas. Ammo qisman toʻgʻri. Quyida bunga izoh beramiz.

AQSHga J-1 viza bilan boriladigan ayrim almashinuv dasturlari ishtirokchilariga “2 yillik qoida” amal qiladi. Bunda J-1 vizasi egalari viza muddati tugagandan keyin vataniga qaytishi kerak va ular vatanida kamida 2 yil yashamasdan turib, AQSHga yana J-1 vizasi bilan bora olmaydi. Jami 2 yil davomida vatanida yashagandan keyingina AQSHga yana J-1 vizasi bilan borish mumkin.

Eʼtibor qiling, bu yerda gap faqat J-1 vizasi haqida ketmoqda. J-1 viza bilan AQSHga borib qaytganlar boshqa tegishli turdagi viza bilan vatanda 2 yil yashamasdan turib AQSHga borishi mumkin.

Masalan, siz FLEX dasturi orqali AQSHda 1 yil tahsil oldingiz (bu dastur uchun J-1 viza beriladi). Va AQSHdan qaytib, biror AQSH universitetining bakalavriat bosqichida oʻqish uchun hujjat topshirib, qabul qilindingiz. Bunda yana AQSHga borib universitetda oʻqish uchun F-1 vizasiga ariza topshirib, vizani olishingiz hamda 2 yil vatanda yashamasdan turib ham yana AQSHga oʻqishga ketishingiz mumkin bo’ladi.

Shuningdek, 2 yillik qoida AQSHga J-1 viza bilan borish talab etiladigan barcha dasturlar uchun amal qilmaydi.

2 yillik qoida quyidagi almashinuv dasturlar uchun amal qiladi:

  • Hukumat tomonidan moliyalashtiriladigan dasturlar – AQSH hukumati organi/agentligi, oʻz davlatingiz hukumati tomonidan yoki AQSH hukumati yoxud oʻz davlatingiz hukumati moliyalashtiradigan xalqaro tashkilot tomonidan toʻliq yoki qisman moliyalashtiriladigan dasturlar.
  • Maxsus bilim va koʻnikmalar boʻyicha dasturlar – oʻz davlatingizning rijovlanishi uchun zaruru boʻlgan taʼlim yoki maxsus bilim sohasiga oid boʻlgan hamda davlatingiz uchun Exchange Visitor Skills List roʻyxatida mavjud boʻlgan dasturlar.
  • Bakalavriatdan keyingi bosqichlarda tibbiyot sohasida oʻqish/malaka oshirish dasturlari – bakalavriatdan keyingi bosqichlarda tibbiyot boʻyicha tahsil olish yoki malaka oshirish imkonini beruvchi dasturlar.

Bundan tashqari, 2 yillik qoidani bekor qilish imkoni ham mavjud. Bu haqida BU YERDAN maʼlumot topasiz.

Shuningdek, J-1 vizasi bilan AQSHga borib qaytganlar 2 yil vatanida yashamasdan turib, AQSHga borish yoki u yerda qolish uchun immigrant vizasini ololmaydi. Bundan boshqa ayrim taqiqlar ham mavjud.

“2 yillik qoida” aynan nimani anglatishi va u bilan bogʻliq taqiqlarni BU YERDA batafsil bilib olishingiz mumkin (What does being subject to this requirement mean?).

3. AQSHga J-1 vizasi bilan borib kelganda “2 yillik qoida” AQSHdan boshqa davlatlar uchun ham amal qiladimi?

Yoʻq, unday emas. 2 yillik qoida faqatgina AQSHga yana J-1 vizasi yoki immigrant viza bilan bormoqchi boʻlganda amal qiladi. Buning AQSHdan boshqa davlatga umuman aloqasi yoʻq va J-1 vizasi orqali AQSHda borib qaytganingizdan keyin boshqa davlatlarga istalgan viza bilan, hech qanday muddat vatanda yashamasdan chiqishingiz mumkin.

4. Qanday dasturlar orqali AQSHga borishda J-1 viza beriladi?

Bunday dasturlar nihoyatda koʻp. Oʻzbeklar qatnashishi mumkin boʻlgan va J-1 viza beriladigan dasturlarning ayrimlari quyidagilar:

  • Fulbright Foreign Student Program – AQSHda magistraturani toʻliq grant asosida oʻqish imkonini beruvchi dastur.
  • Global UGRAD dasturi – bakalavriat bosqichi talabalariga AQSH universitetlarida 1 semestr davomida oʻqish imkonini beradi (barcha xarajatlar qoplanadi).
  • FLEX dasturi – maktabning yuqori sinf oʻquvchilari, kollej va litsey oʻquvchilariga AQSHda 1 yil toʻliq grant asosida oʻqish imkonini beruvchi dastur.
  • SUSIs for Young Women Leaders – ayol-qiz talabalar uchun AQSHda 4-5 hafta malaka oshirish imkonini beradi (barcha xarajatlar qoplanadi).
  • TechGirls dasturi – 15-17 yoshli qizlarga AQSHda boʻlib oʻtadigan 4 haftalik taʼlim oromgohida qatnashish imkonini beradi (barcha xarajatlar qoplanadi).
  • Fulbright TEA – oʻrta maktab, kollej va litseylarda dars beruvchi va kamida 5 yillik ish tajribasiga ega oʻqituvchilar uchun AQSHda 6 hafta malaka oshirish imkonini beradi (barcha xarajatlar qoplanadi).
  • Fulbright TEA Media Literacy – oʻrta maktab, kollej va litseylarda dars beruvchi va kamida 3 yillik ish tajribasiga ega oʻqituvchilar uchun AQSHda 6 hafta malaka oshirish imkonini beradi (barcha xarajatlar qoplanadi).
  • TechWomen dasturi – bakalavrlik darajasi va STEM sohasida 2 yillik tajribaga ega ayol-qizlarga AQSHda 5 hafta malaka oshirish imkonini beradi (barcha xarajatlar qoplanadi).
  • Fulbright FLTA – ish tajribasi 7 yildan oshmagan ingliz tili, amerikashunoslik, jurnalistika va media, Amerika yoki ingliz adabiyoti oʻqituvchilariga 9 oy davomida AQSHda oʻzbek tilidan dars berish imkonini taqdim etadi (barcha xarajatlar qoplanadi).
  • SUSI for Secondary School Educators – oʻrta maktab, litsey va kollej oʻqituvchilari, shuningdek, oʻrta taʼlim sohasida ishlaydigan boshqa xodimlarga AQSHda 5 haftalik taʼlim dasturida qatnashish imkonini beradi (barcha xarajatlar qoplanadi).
  • SUSI for Scholars – oliy taʼlim va tadqiqot muassasalarida kamida 7 yillik ish tajribasiga ega boʻlganlarga AQSHda 6 hafta malaka oshirish imkonini beradi (barcha xarajatlar qoplanadi).
  • Fulbright Visiting Scholar Program – OTM oʻqituvchilari, tadqiqotchilar, shuningdek, 10 yillik tajribaga ega tahlil markazlari, tegishli hukumat va nohukumat tashkilotlari xodimlariga AQSHda 1 semestr davomida amaliyot oʻtash yoki tadqiqot olib borish imkonini beradi (barcha xarajatlar qoplanadi).
  • Humphrey Fellowship Program – kamida bakalavrlik darajasi va kamida 5 yillik mehnat tajribasiga ega, ingliz tilini biladigan nomzodlarga AQSHda 10 oy davomida malaka oshirish imkonini beradi.

Bu dasturlarning barchasi AQSH hukumati tomonidan moliyalashtiriladi va shu sababli, bularning barchasiga yuqorida aytilgan 2 yillik qoidaamal qiladi.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!